TUMAN KENGASHINING SESSIYASI

Tuman hokimligi majlislar zalida xalq deputatlari tuman Kengashining ellik yettinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishini tuman hokimi Sherzod Rahmonov olib bordi.

Sessiyada xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, siyosiy partiyalar vakillari, kun tartibiga daxldor korxona, tashkilot   masʼullari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar. 

Dastlab,  tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i Akmal Hasanovning shu yilning o‘tgan davrida olib borilgan huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan hisoboti  tinglandi.

Shundan so‘ng xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyalarida qabul qilingan  qarorlar bilan berilgan topshiriqlar ijrosining holati to‘g‘risida xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati mudiri Bekzod Orziqulov axborot berdi. 

Taʼkidlash joizki, B.Orziqulovning axboroti puxta tayyorlanmagan  qabilida deputatlar tomonidan qoniqarsiz, deb topildi va keyingi sessiyada qayta ko‘rib chiqilishi yuzasidan qaror qabul qilindi.

Shu kabi tumanda yangi ish o‘rinlari yaratilishi va aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori Oybek Sulaymonovning hisoboti eshitildi.

O‘z navbatida tumanda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda yetim bolalar bilan olib borilayotgan va “Mehr daftari” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida tuman hokimligi bolalarni himoya qilish shuʼbasi bosh mutaxassisi Sanjar Egamberdiyev ham hisobot berdi.

Sessiyada deputatlar tomonidan umumtaʼlim maktablari direktori lavozimiga tavsiya etilgan nomzodlarni tanlab olish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

 Sessiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM