# Munosabat

Ijtimoiy tarmoqda “Samarqand viloyati Narpay tumanida tadbirkorlarga imkoniyat berilmaydimi?” sarlavhasi ostida xabar tarqaldi.

Unda tumandagi Tepaqo‘rg‘on mahallasida yashovchi tadbirkor Oybek Azimov faoliyatiga mutasaddilar tomonidan to‘sqinlik qilinayotgani taʼkidlangan.

Yaʼni bo‘sh va xaroba holatdagi yerni olib tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan O. Azimovga katta miqdorda jarima solingani haqida xabar berilmoqda.

Kadastr agentligining Narpay tumani bo‘limidan olingan maʼlumotga ko‘ra, Oybek Azimov Tepaqo‘rg‘on mahallasidan o‘tuvchi M-37 Toshkent-Buxoro-Turkmanboshi avtomagistral yo‘lining muhofaza hududidagi yer uchastkani o‘zboshimchalik bilan egallab olib, qurilish ishlarini amalga oshirgan. Bu holat O‘zbekiston Respublikasi “Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks”ning 60-moddasi 3-qismida belgilangan huquqbuzarlikka sabab bo‘lgan.

Dastavval fuqaro bir necha bor og‘zaki va yozma ogohlantirilgan. Shunga qaramay u noqonuniy faoliyat yuritishda davom etgan.

Masʼullar tomonidan joyida maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib “Ye-maʼmuriy ish” elektron tizimga yuklatilgan va maʼmuriy jazo qo‘llash to‘g‘risida qaror chiqarilgan. Belgilangan jarima bir oy muddatda to‘lanmaganligi bois uni undirish uchun Majburiy ijro byurosiga elektron tarzda jo‘natilgan.

Shu o‘rinda tumandoshlarimizdan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy bino qurib olmasliklarini, bu borada tegishli masʼullarning tavsiyalariga amal qilib, faoliyatlarini qonuniylashtirishlarini so‘ragan bo‘lardik.

Narpay tumani hokimligi Axborot xizmati.

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM