“Aholini ro‘yxatga olish” aholi farovonligini yanada yaxshilashga keng yo‘l ochadi.

               Dunyodagi har bir mamlakat o‘z aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida vaqti-vaqti bilan ro‘yxatga olish ishlari olib boradi.

           2015 yil 10 iyunda Birlashgan Millatlar Tashkilotining “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyusiyasi qabul qilingan va unga asosan, ushbu nufuzli tashkilotga a’zo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishi belgilab qo‘yilgan. Ayni paytda MDH mamlakatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlangan. Aholini ro‘yxatga olish nima uchun zarur? Bu tadbir respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar hamda bolalar salomatligini yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyatini yanada kengaytiradi. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekistonda mustaqillik yillarida biror marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmadi. Aholini ro‘yxatga olish so‘nggi bor 1989 yilda o‘tkazilgan edi. Holbuki, jahondagi ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish kamida har o‘n yilda bir marotaba o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Mamlakatimizda ham endi ana shunday muhim jarayon yo‘lga qo‘yiladi. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bu borada huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mustaqillikdan so‘ng respublikamizda aholini ro‘yxatga olish tadbiri birinchi marta 2023 yilda bo‘lib o‘tadi va keyin har 10 yilda amalga oshiriladi. Shu bois, tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni sifatli o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga asosan, mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olish 2023 yil 1-25 noyabr kunlari amalga oshirilishi belgilandi. Qarorda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning tashkiliy va uslubiy tamoyillarini, aholini ro‘yxatga olish dasturi va savolnomalarini, dasturiy-texnik ta’minoti va ma’lumotlarni qayta ishlashning texnologik jarayonlarini sinovdan o‘tkazish hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonidagi mas’uliyatini yanada oshirish bilan bog‘liq vazifalar nazarda tutilgan. Aytish lozimki, aholini ro‘yxatga olishga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2021 yil 1-25 noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish ishlari amalga oshirildi. Bunda aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish jarayoni, ro‘yxatga olish usullari, dasturi, savolnomalari, uslubiy qo‘llanmalari va me’yoriy-huquqiy hujjatlari amaliy sinovdan o‘tkazildi. Sinov natijalaridan kelib chiqib, aniqlanadigan xato va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

           Aholini ro‘yxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish ko‘zda tutilgan. Bu — hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzishdir. Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob’ektlarini qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Muxtasar aytganda, aholini ro‘yxatga olish jarayoniga chinakam poydevor qo‘yiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Respublikamizda aholini ro‘yxatga olish orqali, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi. Mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. O‘z navbatida, yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllantiriladi. Aholi punktlari infratuzilmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish va samarali joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu ma’lumotlar nihoyatda zarur. Bundan tashqari, aholini ro‘yxatga olish natijasida milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlili uchun keng qamrovli axborot manbai yaratiladi. Aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq jarayonlarning amalga oshishi kelgusida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini yanada yaxshilashga keng yo‘l ochadi.

 

 

Tuman statistika bo‘limi                                                    

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM