insurez
05-02-2025 14:27

“TAShABBUSLI BYUDJET” YANGILIKLARDAN XABARDORMISIZ?


‘zbekiston Respublikasida davlat moliyasini boshqarish tizimini isloh qilish davom etmoqda. Uning muhim yo‘nalishi byudjet jarayonini takomillashtirish va yanada rivojlantirish, shu jumladan, fuqarolar ishtirokidagi byudjetlashtirish amaliyotini joriy etish orqali davlat mablag‘larini maqsadli yo‘naltirishga ularni keng jalb etishdir.

O‘zbekistonda 2019-yildan fuqarolar ishtirokidagi byudjetlashtirish joriy etila boshlandi va shu kungacha ma’lum tajriba shakllandi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli islohotlarni samarali amalga oshirish, xalqimizning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish maqsadida 2025-yil 13-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining ”Tashabbusli byudjet jarayonlarini o‘tkazish hamda moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qildi.

Unga ko‘ra, o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimiga o‘tilgani inobatga olinib, 2025-yilning birinchi mavsumidan boshlab moliyaviy mustaqil bo‘lgan oliy ta’lim muassasalariga “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi. Mablag‘lardan samarali foydalanish hamda ijtimoiy muammolarga ko‘proq e’tibor qaratish, ajratilayotgan mablag‘lar jamoaviy maqsadlarda sarflanishini ta’minlash maqsadida “Tashabbusli byudjet” doirasida tashkilotlar tomonidan barcha turdagi avtomobillar, jamoat xavfsizligini ta’minlashga oid jihozlar (radar, jamoat joylaridagi kuzatuv kameralari, svetofor), rahbar xodimlar uchun mebel jihozlarini xarid qilish taqiqlanadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklariga “Tashabbusli byudjet” doirasida xarid qilinishi ruxsat etilgan tovarlarning aniq tavsiflarini aks ettirgan holda qayta shakllantirilgan jihozlar reyestrini Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etish vazifasi yuklatildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda byudjet tashkiloti xodimlarini majburiy ovoz berishga jalb qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etadi hamda mavsumlar yakuniga ko‘ra Senatga axborot kiritib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 16-bandiga asosan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda tashabbusli byudjet uchun har yili tuman (shahar) byudjetida mablag‘larni rejalashtirishda hududdagi aholi sonidan kelib chiqib, lekin har bir tuman yoki shaharda 10 tadan kam bo‘lmagan loyiha uchun yetarli mablag‘ rejalashtirish amaliyotini joriy etish yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashiga taklif kiritish belgilandi.

“Tashabbusli byudjet” jarayonlarini o‘tkazish hamda moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan endilikda tuman (shahar) hokimliklari huzurida tashkil etilgan “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga har yili tuman va shahar byudjetidan 10 tadan kam bo‘lmagan, ko‘pi bilan 30 ta loyiha uchun yetarli mablag‘ ajratilishi, bunda 10 tadan ortiq loyiha uchun mablag‘lar tuman yoki shahar aholisining tegishli hududdagi ulushidan kelib chiqib taqsimlanishi belgilandi.

Qayd etish joizki, hozirgi kunda loyihalarning eng yuqori chegaraviy qiymati 1,5 milliard so‘mni tashkil etadi. Shunga ko‘ra, tuman va shahar byudjetidan ajratiladigan mablag‘larning eng kam miqdori 15 milliard so‘m, eng yuqori miqdori esa 45 milliard so‘mni tashkil etadi. Bunda, tuman (shahar) byudjetlarida rejalashtirilgan mablag‘larning teng yarmi “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga – birinchi mavsum uchun yanvar oyidan boshlab, qolgan qismi ikkinchi mavsum uchun may oyidan boshlab o‘tkazib beriladi.

Jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish, saralab olish va g‘oliblarni aniqlash jarayoni har yili ikki mavsum doirasida, birinchi mavsum – fevral-mart va ikkinchi mavsum iyun-iyul oylarida o‘tkaziladi.

 

Narpay tuman adliya bo‘limi YXKM boshlig‘i                M.Mardiyev

Teglar
- -