#Munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda "Murojaatni “yopish”ning Narpaycha usuli" sarlavhasi ostidagi xabar tarqaldi. Unda, Narpay tumanidagi Islomobod MFYda yashovchi fuqaro MFY raisi murojaatni o‘rganmasdan turib, “sohta” bayonnoma bilan murojaatini “yopdi-yopdi” qilgani, bu holat bo‘yicha fuqaro mahalla telegram kanalida eʼtiroz bildirganida uni guruhdan chiqarib yuborishgani bayon qilingan.
Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Narpay tuman bo‘limi va Narpay tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazidan maʼlumot oldik.
Narpay tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazi bergan maʼlumotda keltirilishicha:
"Fuqaro Nargiza Yusupova Narpay tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga ijtimoiy xodim lavozimiga ishga joylashish maqsadida hujjat topshirgan. Vacansiya.argos.uz elektron platformasi orqali amalga oshirilgan testdan so‘ng, viloyat boshqarmasiga suhbatdan o‘tish uchun borgan. Suxbat komissiyasi xulosasiga asosan bu lavozimga loyiq topilmagan. Maʼlumot uchun, Narpay tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bo‘sh ish o‘rinlariga tanlovlar shaffoflik bilan elektron tarzda amalga oshiriladi.
Shundan so‘ng, fuqaro N.Yusupova ishga kirishdagi harakatlarida nohaqlikka uchraganini aytib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ishonch telefoniga murojaatlar qilgan. Narpay tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari A.Xalilov va A.Shukurovlar N.Yusupovaning Davlatimiz rahbarining ishonch telefoniga qilgan 444558/2-sonli murojaatini o‘rganish maqsadida, uning yashash xonadoniga borgan va unga atroflicha qonuniy tushunchalar bergan. Shunda, fuqaro N.Yusupova ijtimoiy markaz xodimlarining tushuncha berish jarayonini tasvirga olishiga qarshilik ko‘rsatgan.
Shundan keyin, ijtimoiy markaz xodimlari A.Xalilov va A.Shukurovlar Islomobod mahallasiga borgan. Mahalla raisiga ijtimoiy xodimlar ushbu murojaatni o‘rgangani to‘g‘risidagi dalolatnoma tuzishni negaki, fuqaro N.Yusupova tasvirga olishga qarshilik qilgani shu bois, ular murojaatni o‘rgangani xususida qonuniy hujjat yo‘qligini aytgan. So‘ng, ijtimoiy xodimlar ushbu murojaatni o‘rgangani va qonuniy tushunchalar bergani xususida dalolatnoma tuzilgan."
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Narpay tuman bo‘limi bergan maʼlumotlarga ko‘ra:
Fuqaro N.Yusupova dalolatnoma tuzilgandan so‘ng, "Islomobod mfy faollari" nomli telegram guruhida bu holatdan noroziligi bildirib, mahalla raisiga nisbatan "shaxsiyatga tegadigan" gaplarni qoldirib guruhni tark etgan.
Islomobod mahallasi raisi o‘zi ishtirok etmagan murojaatni o‘rganish bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirganligi sababli, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Narpay tumani bo‘limining taqdimnomasi Islomobod MFY vakillariga yuborilgan. To‘plangan asosli hujjatlar bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot taqdim etiladi.