Mamlakatimizda tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim qaror qabul qilindi
Mamlakatimizda tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim qaror qabul qilindi
2025-yil 9-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi PQ–336-sonli qarori imzolandi.
Qarorga muvofiq, 2026-yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi.
Shuningdek, tibbiyot sohasidagi fidoyi mutaxassislar mehnatini munosib qadrlash maqsadida har yili turli nominatsiyalar bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi.
Jumladan, “Eng yaxshi respublika shifoxonasi rahbari”, “Eng yaxshi hududiy sog‘liqni saqlash organi rahbari”, “Eng yaxshi tuman yoki shahar shifokori”, “Eng yaxshi oilaviy poliklinika rahbari” va “Eng yaxshi o‘rta tibbiyot xodimi” kabi nomzodlar aniqlanadi.
Tanlov g‘oliblari quyidagi tartibda mukofotlanadilar:
— tibbiyot muassasalariga 500 million so‘m,
— tibbiyot va rahbar xodimlarga esa 30 million so‘m miqdorida 1 martalik rag‘batlantirish beriladi.
Shu bilan birga, mazkur qaror bilan tibbiyot xodimlari uchun yana bir qator muhim imtiyozlar joriy etilmoqda.
2026 yil 1 apreldan davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi. Bayram va dam olish kunlarida tibbiyot xizmatining uzluksizligini ta’minlash maqsadida navbatchilik tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Tuman yoki shahar darajasida yangi davolash usullarini joriy etib, ijobiy natijaga erishgan shifokorlar — BHMning 50 baravari miqdorida mukofotlanadi.
Kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga — oliy ta’lim muassasalaridagi yillik kontraktning 30 foizi, biroq BHMning 15 baravaridan oshmaydigan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Shuningdek, har yili 500 nafar tajribali tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun uy-joy xaridi uchun ipoteka dastlabki badal to‘lovining 25 foizi davlat hisobidan qoplanadi.
Bu choralar tibbiyot sohasida uzoq yillar mehnat qilgan fidoyi shifokorlar va farmatsevtlarning mehnatini munosib qadrlash, ularning turmush darajasini oshirish hamda sohadagi ish samaradorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Narpay tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i M.Mardiyev




