Narpay tumani prokurori To'ychiyev Abdulla Oripovichning huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tumanimiz aholisiga yo‘llagan MUROJAATI
Narpay tumani prokurori Tuychiyev Abdulla Oripovichning huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tumanimiz aholisiga yo‘llagan
MUROJAATI
Assalomu alaykum, hurmatli Narpay tumani aholisi!
Xabaringiz bor, tumanimizda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Siz aziz tumanimiz aholisi va jamoatchilik vakillari bilan ham hamkorlikda o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirokingiz zarurligi bois, murojaat qilmoqdaman.
Jinoyatlarning soni oshgan ayrim mahallalarda jinoyat sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar o‘rganilib, har bir jinoyat turi bo‘yicha ularning barvaqt oldini olishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Shunga qaramasdan, joriy yilning 7 oyida tumanda sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105 foizga yoki 149 taga oshgan.
Xususan, keyingi vaqtlarda tumanimiz hududida
yo‘l-transport hodisalari, ayniqsa, odam o‘limi bilan bog‘liq
yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2024 yil 7 oyida 34 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan bo‘lib, shundan 13 tasi o‘lim bilan yakunlanib, 1 ta jabrlanuvchi bir umrga nogiron bo‘lib qolishgan. Joriy yilning o‘tgan davrida esa, sodir etilgan 37 ta yo‘l-transport hodisalaridan 12 tasi o‘lim bilan yakunlangan.
Yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarning asosiy sabablari tahlil qilinganda, fuqarolarimiz tomonidan o‘zlariga tegishli transport vositalarini yo‘llarda cheklangan tezlikdan oshirgan holda harakatlanishlari, shuningdek, piyodalar spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda yo‘lning belgilanmagan joylaridan kesib o‘tishlari, eng achinarlisi, ota-onalarning o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini nazoratsiz qoldirayotgani sabab bo‘lmoqda.
Joriy yildagi yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlarning 4 tasi haydovchining charchoq holatda boshqarib kelib uxlab qolishi sabab bo‘lgan bo‘lsa, 2 tasi tezlikni me’yoridan oshirish oqibatida sodir etilgan, 1 tasi esa ota-onalarning voyaga yetmagan farzandlarini nazoratsiz qoldirgani sabab bo‘lgan.
Bu borada tuman huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan hamkorlikda viktimologik profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Shunga qaramasdan, yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilmoqda.
Yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlarining oldini olish, bu turdagi jinoyatlardan o‘zingiz yoki yaqinlaringizning jabrlanib qolmasliklari uchun Siz aziz tumanimiz aholisidan o‘zlaringizga bog‘liq bo‘lgan bir qator choralarni ko‘rsangiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Birinchidan, transport vositalarini boshqarishda tezlikni me’yoridan oshirmasligingiz yoki yaqinlaringizning ham ushbu qoidalarga amal qilishlarini talab qilishingiz;
Ikkinchidan, o‘zingiz yoki yaqinlaringizga tegishli bo‘lgan transport vositalarini haydovchilik guvohnomasiga yoki yetarli haydovchilik malakasiga ega bo‘lmagan yoxud voyaga yetmagan shaxslarga boshqarish uchun bermasligini nazorat qilishlaringiz;
Uchinchidan, o‘zlaringizga tegishli bo‘lgan transport vositalarini mast holda boshqarmaslik yoki mast holdagi shaxslarga boshqarish uchun bermasligingiz;
To‘rtinchidan, voyaga yetmagan yoki o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan farzandlaringiz va yaqinlaringizni nazoratsiz qoldirmasliklaringiz so‘raladi.
Ushbu tadbirlarni amalga oshirsangiz, yo‘llarda yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga hamda yaqinlaringiz va boshqa fuqarolarning bu turdagi jinoyatlardan jabrlanib qolmasliklari
uchun munosib hissa qo‘shgan bo‘lar edingiz.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki- Jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar, mahallalarda kriminogen vaziyat va jinoyatlar dinamikasi to‘liq tahlil qilinib, ularning faoliyatiga xolisona baho bergan holda, aybdor shaxslarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda, jinoyatlar soni oshgan mahallalarga mavjud kuch va vositalar to‘g‘ri taqsimlanmoqda, sodir etiladigan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda.
Aziz tumanimiz aholisi, tuman hududida sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olishda olib borilayotgan profilaktik ishlarga bee’tibor bo‘lmang, ushbu tadbirlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yaqindan yordamingizni ayamang, qonunlarga rioya qiling.