insurez
08-08-2025 09:56

PREZIDENTNING TURKMANISTONGA TASHRIFI DEPUTATLAR NIGOHIDA


PREZIDENTNING TURKMANISTONGA TASHRIFI DEPUTATLAR NIGOHIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etish uchun ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi haqida.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston Respublikasining Avaza shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan, rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasidagi nutqida mintaqada tinchlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanish istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.

Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan, rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha konferensiya mintaqani iqtisodiy rivojlantirishda ham muhim xalqaro tadbir hisoblanadi. Shu jihatdan Prezidentimizning anjumanda so‘zga chiqqani, qator tashabbuslarni ilgari surgani ahamiyatli bo‘ldi.

“Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala – adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir. Buning uchun BMT shafeligida “Tranzit kafolatlari to‘g‘risida”gi global bitim ishlab chiqishni taklif etamiz”, – dedi davlatimiz rahbari o‘z nutqida.

Shuningdek, Prezidentimiz logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini ta’sis etish, donor mamlakatlar, xalqaro rivojlanish institutlari va global dasturlar resursini keng jalb qilish, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning “Zaiflik indeksi”ni yaratish, bunda davlatlarning cheklangan imkoniyatlarini xolis ko‘rib chiqish, raqobatbardoshlik va ishbilarmonlik muhitini adolatli baholash takliflarini ilgari surdi.

Turkmaniston yetakchisi bilan muloqotda ham Prezidentimiz xalqlarimizga munosib turmush sharoitlari yaratish, ijtimoiy soha, xususan fan, ta’lim, madaniyat va sog‘liqni saqlash sohalarida hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston — Turkmaniston munosabatlari chuqur tarixiy ildizga ega. Bu ikki qardosh xalq asrlar davomida yagona davlatchilik an’analari ostida yashab kelgan, umumiy maqsad sari birga intilgan. Ushbu hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi, ta’bir joiz bo‘lsa, strategik sheriklik darajasiga yetdi.

Prezidentimizning Turkmanistonga bu galgi tashrifida mamlakatimizga yanada yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatilgani sezildi. Ayniqsa, konferensiya avvalida o‘tkazilgan marosimda Prezidentimiz Turkmaniston Respublikasining “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” oliy ordeni bilan mukofotlangani barchamizga iftixor bag‘ishladi. Bu boy tarixiy tajriba, qardoshlik va o‘zaro hurmatga asoslangan O‘zbekiston — Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarida yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi.

Zero, ushbu nufuzli mukofot xorijiy davlatlarning taniqli davlat va jamoat arboblariga xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlashdagi alohida xizmatlari uchun beriladi.

Ushbu xalqaro konferensiya Markaziy Osiyo davlatlari uchun mintaqaviy va xalqaro munosabatlarda muammolarni bamaslahat hal etish yuzasidan muhim qadam bo‘ldi.

Xalq deputatlar Narpay tumani Kengashi kotibiyati mudiri

Shuhrat Samadov

Teglar
- -