insurez
05-12-2024 11:51

INSON QADRI ULUG‘LANGAN YANGI O‘ZBEKISTONNING MUSTAHKAM HUQUQIY POYDEVORI


Shu kunlarda Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunni keng nishonlash uchun qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Adolat va haqiqat har bir jamiyatda hukm surishi lozim bo‘lgan ezgulik va orzudir. Ana shu orzu mamlakatimiz Konstitutsiyasining nazariy va amaliy asosini tashkil qiladi.

Konstitutsiyani ishlab chiqishda ulug‘ bobokalonlarimizning ma’naviy va madaniy merosidan keng foydalanilgan va jahondagi ko‘pgina davlatlarning ijobiy tajribasi hisobga olingan. Yangilangan Konstitutsiya O‘zbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir. Bir narsani alohida aytish kerakki, Konstitutsiyaning yangi matni olim-u mutaxassislar tomonidan faqat “kabinet”larda yaratilmadi. Balki, dastavval, ikki bosqichda xalqimizning fikri, takliflari o‘rganildi, shundan so‘nggina, Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi. Birinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasini shakllantirish uchun fuqarolarimiz 60 mingdan ziyod taklif berishdi. Ularning taxminan har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy oldi. Ikkinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari orqali loyiha bilan 5 million aholi tanishib, 150 mingdan ortiq taklif va mulohazalar aytildi. Shu bilan birga, mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan muhokamalarda ham yana qariyb 10 mingta qo‘shimcha taklif kelib tushdi. Ayni paytda, xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlatlar tajribasi o‘rganildi, loyiha 6 turdagi ekspertizadan o‘tkazildi. Bularning hammasi yangilangan Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh Qomusimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘lganidan dalolat beradi. Konstitutsiyada O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi. Tariximizda ilk bora O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilandi. Ya’ni insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlandi. Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilandi. Umuman, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar ko‘paytirildi. Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yili mamlakatimizda 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratib berilgan bo‘lsa, bu yil 90 ming oilani uy-joyli qilish marrasi olingan. Yaqin 2-3 yilda esa bu raqamni 200 mingga yetkazish ustida ishlanmoqda.

Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlandi. Aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi ham yangi Konstitutsiyada mujassam bo‘lgan.

Umuman, Bosh Qomusimizda aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirildi. Bu aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etishda hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egadir. Mustaqil davlatchilikning belgisi hisoblanmish Konstitutsiya, avvalo, millatning yuzi, xalqning erki ifodasi, jamiyat taraqqiyotining asosidir.

Tom ma’noda yangi demokratik tuzumni barpo etish maqsadida qabul qilingan Konstitutsiyamizning g‘oyasi, asosiy prinsip va qoidalari umume’tirof etilgan xalqaro talablar bilan birga, xalqimizning ming yillar davomida shakllanib kelgan qadriyatlarini ham o‘zida mujassam etgan.

 

 

Narpay tuman adliya bo‘limi YXKM boshlig‘i                     M.Mardiyev

Teglar
- -