KORRUPSIYA YASHIRIN XAVF, OCHIQ KURASH
KORRUPSIYA YASHIRIN XAVF, OCHIQ KURASH
Joriy yil 5-mart kuni boʻlib oʻtgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yigʻilishida, korrupsiya islohotlar yoʻlidagi eng katta gʻov, unga qarshi kurashish umummilliy vazifa ekani qayd etildi. Oradan bir yarim oy oʻtib, aniqrogʻi, Prezidentimizning shu yil 21-apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 71-son Farmoni qabul qilindi.
Farmon bandlari bilan tanishishdan oldin, keling, mohiyatni oydinlashtiradigan baʼzi masalalarga toʻxtalsak. Soʻnggi yillarda poraxoʻrlikning oldini olish yuzasidan salmoqli ishlar qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tegishli huquqiy-meʼyoriy hujjatlar chiqarildi. Parlament palatalarida masʼul qoʻmitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va agentlik tashkil qilindi. Korrupsiyaning omillarini aniqlab, avvalo, ularga qarshi chora-tadbirlar qoʻllash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Masalan, yerni hokim qarori bilan ajratishdan voz kechilib, auksion tizimiga oʻtkazilgani natijasida mazkur tizim xalqchil boʻldi.
“Shaffof qurilish” dasturi amaliyotga koʻchgandan keyin bu sohada ham ijobiy oʻzgarishlar boshlandi. Bugunga kelib barcha banklar 100 million soʻmgacha maishiy kreditni inson omilisiz, nari borsa, 5 daqiqada onlayn ajratadi. Avval shu ish bilan shugʻullangan, ehtimol, bundan moliyaviy manfaatdor boʻlgan koʻplab bankirlar endi mahalla oralab, odamlarga loyiha, kredit taklif qilib, mijozlarini koʻpaytirish bilan shugʻullanmoqda.
Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida 10 dan ortiq xizmat turi toʻliq elektron shaklga oʻtkazilgach, ushbu sohadagi murojaatlar soni 2,5 barobar kamaygan. Oliy taʼlimda ham avval test topshirib, toʻplagan baliga koʻra keyin OTMni tanlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Yoʻl harakati xavfsizligi inspektori “bodi-kamera”da xizmat oʻtayotgani, elektron tizimli auksionlar, qogʻozdagi bayonnomalardan kechilgani kabi choralar tufayli korrupsiya omillari keskin pasaydi.
Qogʻozbozlikda turli sohalarga oid 300 dan oshiq hujjatdan voz kechilgani, qolganlarining ham katta qismini olishda inson omilisiz dasturlarga oʻtilgani va shu kabi ishlarni sanay ketsak, asosiy mavzudan chalgʻishimiz turgan gap. Biroq rivojlanish davom etar ekan, korrupsiyaning yangi, zamonaviy koʻrinishlari, ildizlari paydo boʻlish ehtimoli mavjud. Demak, bir joyda toʻxtab qolib boʻlmaydi.
Ana endi muddaoga koʻchsak. Xoʻsh, yangi farmon nimasi bilan alohida ahamiyatga ega? Undagi aynan qaysi bandlarga koʻproq diqqat qaratmoq lozim? U sizning, mening hayotimga qanday taʼsir koʻrsatadi?
Mazkur farmon, avvalo, korrupsiyaga qarshi keng qamrovli chora-tadbirlarni yangi bosqichga oʻtkazish koʻrsatmasi bilan boshlanadi. Hukumat, vazirlik va idora rahbarlarga shaxsiy masʼuliyat yuklayapti. Yaʼni endi rahbar qoʻl ostidagilarga loyihani internet orqali yuborib qoʻyib, xoʻjakoʻrsin nazorat bilan cheklanmaydi. Kutilgan natija uchun endi rahbarning oʻzi bevosita javobgar. Chunki masalaga bir pogʻona yuqoriroqdan qaraladi.
Korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashishda parlament rolini tubdan oshirish maqsad qilingan. Jumladan, farmon chiqqandan boshlab parlament nafaqat qonun ishlab chiqaruvchi, balki nazorat organiga ham aylanadi. Unda Oliy Majlis qoʻmitalariga qator tavsiyalar bor. Ular orasida eʼtiborimni eng koʻp tortgani endi vazir va hokimlik lavozimiga nomzodlar muayyan tizim yoki hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan birga, korrupsiyaning oldini olish boʻyicha aniq rejasini himoya qiladi. Yanayam oddiy aytganda, poraxoʻrlik illatini barham toptirish endi rahbarlar uchun qatʼiy vazifa boʻladi.
Farmonda davlat xaridlari, qurilish va investitsiyalarda barqarorlik oʻrnatish, shaffoflikni taʼminlash kabilar ham koʻzda tutilgan. Davlat xaridlarida narxlar sunʼiy oshirilganda javobgarlik muqarrarligi taʼminlanadi. Toʻgʻrirogʻi, davlat idorasi va tashkilot rahbarlarining davlat hisob raqamidagi mablagʻ uchun masʼulligi ortadi, oldi-sotdi faoliyati uchun zarur xarajat qatʼiy nazoratga olinadi. Qolaversa, farmonda 1-iyuldan boshlab yirik investitsiya loyihalarining xalqaro standartlar asosida baholanishi, “Shaffof qurilish” tizimi kengaytirilishi kabi dolzarb masalalar hamda pudratchilarning masʼuliyatini taʼminlash koʻzda tutilgan.
Navbatdagi bandda markazdan olis hududlarda yashovchi odamlar manfaatiga chuqurroq eʼtibor qaratilgan. Eʼtibor qaratibgina qolmay, zamonaviy va oʻta qulay yechim taqdim qilingan. Yaʼni bir oy muddatda aholining kundalik hayotida uchraydigan savollariga mobil telefon orqali sodda va qulay shaklda javob olish imkoniyatini beradigan onlayn platformani ishga tushirish vazifasi belgilangan. Demak, tez orada kundalik hayotimizda tugʻiladigan huquqiy savollarga javobni oddiy mobil ilovani ishga tushirish orqali olish mumkin. Xullas, farmonda mamlakatimizda ortga qaytmas tus olgan islohotlar, jumladan, jamiyatimizda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini qaror toptirishning eng muhim jihatlari toʻla-toʻkis aks etgan. Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tishimiz kerakki korrupsiyaga qarshi murosasiz bo‘lish har birimizning fuqarolik va xizmat burchimizdir.
Narpay tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i: M.Mardiyev