Narpay tumani prokurori To'ychiyev Abdulla Oripovichning huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tumanimiz aholisiga yo‘llagan MUROJAATI
Assalomu aleykum!
Hurmatli Narpay tumani aholisi va tumanimiz mehmonlari!
Barchangizga ma’lumki, har qanday mamlakatning taraqqiyoti
va yuksalish darajasi aholi osoyishtaligi va xavfsiz hayotini hamda jinoyat uchun jazo muqarrarligini ta’minlash samaradorligi bilan baholanadi.
Hurmatli Prezidentimizning rahbarligida mamalakatimizda barcha sohalarda ulkan isloxotlar amalga oshirilmoqda.
Bu islohotlarning tub mohiyati, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, halqimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Muhtaram Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha PQ-1-sonli Qarori ijrosini ta’minlash, Siz azizlarni jinoyatlardan jabrlanib qolish ehtimolingizni oldini olish maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyat yuzasidan mazkur murojaatimni yo‘llamoqdaman.
Bu borada “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli “konsepsiya” hayotga tatbiq etilgan.
Unga ko‘ra, “Mahalla yettiligi”ning mahallalarda huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan ishlash borasida aniq vazifalari belgilab berilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jamoat tashkilotlari bilan hamkorligi kuchaytirildi.
Eng asosiysi, bu soha huquqbuzarliklar oqibati bilan kurashish emas, balki ularning barvaqt oldini olish zarurligi haqidagi muhim hayotiy siyosiy tamoyil asosida isloh qilinmoqda.
Hurmatli fuqarolar !
Tuman hududida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish
va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, tumanda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish
va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar holati atroflicha o‘rganilib, xalq deputatlari Kengashining qo‘shma yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.
Jinoyatlarning soni oshgan ayrim mahallalarda jinoyat sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar o‘rganilib, har bir jinoyat turi bo‘yicha ularning barvaqt oldini olishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Shunga qaramasdan, joriy yilning 6 oyida tumanda sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 94 foizga yoki 107 taga oshgan.
Ayniqsa axborot texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanishi ushbu vositalar imkoniyatlaridan foydalanib jinoyatchilar fuqarolarni aldab, ularning mulkini qo‘lga kiritish kabi jinoyatlarning yangi usullarini qo‘llamoqda.
Shunday sharoitda huquq-tartibot organlari va fuqorolarning hamjihatligi hamkorligi har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega.
Aziz hamtumanlar, xalqimizning farovon tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish barcha prokuratura organlari xodimlarining oliy maqsadidir.
Ushbu kunda barchangizning e’tiboringizni bir jihatga qaratmoqchiman, ishonchim komilki ushbu murojaatimiz Sizlarni befarq qoldirmaydi.
Ma’lumki keyingi paytlarda ko‘plab fuqarolar kiber makonda firibgarlar tuzog‘iga tez-tez tushmoqda, oqibatda qancha mehnat orqasidan yig‘ilgan va bank plastik kartasiga o‘tkazilgan pullardan bir soniyada mahrum bo‘lmoqda.
Albatta xuquq tartibot organlari tomonidan jabrlanuvchilarning murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirilib, tegishli chorlar ko‘rilmoqda, biroq ayrim hollarda fuqarolarimizning o‘z mulkiga e’tiborsizligi yolg‘onlarga ishonuvchanligi ba’zida esa axborot texnologiyalar sohasida birlamchi bilimlarning yetishmasligi qonunbuzarlarga qarshi kurash samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Misol tariqasida, joriy yilning shu kuniga qadar kiber yo‘nalishida jami 84 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ushbu jinoyat ishlarining 39 tasi firibgarlik, 45 tasi o‘g‘irlik jinoyatlarini tashkil etadi.
Shuningdek, fuqarolarning transport vositalarini boshqarishda yo‘l harakati qoidalariga rioya etmayotganligi oqibatida yo‘l transport hodisasi bilan bog‘liq jinoyatlari ham ko‘payib bormoqda.
Shu sababli, Sizlardan yo‘l harakati qoidalariga qa’tiy rioya etishingizni so‘rayman.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki- Jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar, mahallalarda kriminogen vaziyat va jinoyatlar dinamikasi to‘liq tahlil qilinib, ularning faoliyatiga xolisona baho bergan holda, aybdor shaxslarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda, jinoyatlar soni oshgan mahallalarga mavjud kuch va vositalar to‘g‘ri taqsimlanmoqda, oila-turmush doirasida, ya’ni yaqin qarindoshlar o‘rtasida sodir etiladigan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda.
Aziz tumandoshlar, tuman hududida sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olishda olib borilayotgan profilaktik ishlarga bee’tibor bo‘lmang, ushbu tadbirlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yaqindan yordamingizni ayamang, qonunlarga rioya qiling.