insurez
09-10-2025 20:49

Narpay tumani prokurori Tuychiev Abdulla Oripovichning MUROJAATI


Narpay tumani prokurori Tuychiev Abdulla Oripovichning huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tumanimiz aholisiga yo‘llagan

MUROJAATI

 

Assalomu alaykum, hurmatli Narpay tumani aholisi hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari!

 

Ushbu profilaktik ogohlantiruvchi murojaatni yo‘llashdan asosiy maqsad, tumanimiz aholisini kriminogen vaziyatdan ogoh qilgan holda Siz azizlarni jinoyatlardan jabrlanib qolish ehtimolini oldini olishdan iborat.

Shu sababdan, tumanimizda sodir etilgan jinoyatlarning oqibatlari bilan kurashish emas, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarni sodir etilishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Shu fursatdan foydalanib, tumanimiz hududidagi kriminogen vaziyat haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsam.

Joriy yilning sentyabr oyida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida tuman hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar,  og‘ir tan jarohati yetkazish, bosqinchilik, nomusga tegish, talonchilik va avtotransport vositasini olib qochish jinoyatlari sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Mahallada xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan tadbirlar natijasida 53 ta mahallaning 21 tasida jinoyatlar kamaygan bo‘lsa,                                27 ta mahallada umuman jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Shuningdek, mahallalarning 5 tasi qizil toifaga kirgan bo‘lib, ularning hissasiga 9,4 foiz oldi olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar to‘g‘ri keldi.

Bundan tashqari, joriy yilning sentyabr oyida 27 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar qayd etilgan.

Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 10 tasi firibgarlik, 7 tasi yo‘l transport hodisasi, 5 tasi yengil tan jarohati yetkazish, 2 tasi o‘g‘rilik va bezorilik hamda 1 tasi o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Murojaatim davomida yana bir muhim yo‘nalishga ham ALOHIDA TO‘XTALMOQChIMAN.

  Xususan, keyingi vaqtlarda tumanimiz hududida yo‘l-transport hodisalari, ayniqsa, odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 9 oyida jami 52 ta yo‘l transport hodisasi jinoyati sodir etilib, umumiy jinoyatlarni                                   20,3 foizini tashkil qilmoqda.

Yo‘l transport hodisalarining 17 tasi o‘lim bilan yakunlanganligi fuqarolarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilinmayotganidan dalolat beradi.

Ushbu toifadagi jinoyatlarning asosiy sabablari tahlil qilinganda, fuqarolarimiz tomonidan o‘zlariga tegishli transport vositalarini yo‘llarda cheklangan tezlikdan oshirgan holda harakatlanishlari, shuningdek, piyodalar spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda yo‘lning belgilanmagan joylaridan kesib o‘tishlari, eng achinarlisi, ota-onalarning o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini nazoratsiz qoldirayotgani sabab bo‘lmoqda.

Joriy yildagi yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlarning 35 tasi haydovchining charchoq holatda boshqarib kelib uxlab qolishi va boshqa sabab bo‘lgan bo‘lsa, 16 tasi tezlikni me’yoridan oshirish oqibatida sodir etilgan, 1 tasi esa ota-onalarning voyaga yetmagan farzandlarini nazoratsiz qoldirgani sabab bo‘lgan.

Bu borada tuman huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan hamkorlikda viktimologik profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Shunga qaramasdan, yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilmoqda.

Yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlarining oldini olish, bu turdagi jinoyatlardan o‘zingiz yoki yaqinlaringizning jabrlanib qolmasliklari uchun Siz aziz tumanimiz aholisidan o‘zlaringizga bog‘liq bo‘lgan bir qator choralarni ko‘rsangiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Birinchidan, transport vositalarini boshqarishda tezlikni me’yoridan oshirmasligingiz yoki yaqinlaringizning ham ushbu qoidalarga amal qilishlarini talab qilishingiz;

Ikkinchidan, o‘zingiz yoki yaqinlaringizga tegishli bo‘lgan transport vositalarini haydovchilik guvohnomasiga yoki yetarli haydovchilik malakasiga ega bo‘lmagan yoxud voyaga yetmagan shaxslarga boshqarish uchun bermasligini nazorat qilishlaringiz;

Uchinchidan, o‘zlaringizga tegishli bo‘lgan transport vositalarini mast holda boshqarmaslik yoki mast holdagi shaxslarga boshqarish uchun bermasligingiz;

To‘rtinchidan, voyaga yetmagan yoki o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan farzandlaringiz va yaqinlaringizni nazoratsiz qoldirmasliklaringiz so‘raladi.

Ushbu tadbirlarni amalga oshirsangiz, yo‘llarda yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga hamda yaqinlaringiz va boshqa fuqarolarning bu turdagi jinoyatlardan jabrlanib qolmasliklari uchun munosib hissa qo‘shgan bo‘lar edingiz.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki- Jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar, mahallalarda kriminogen vaziyat va jinoyatlar dinamikasi to‘liq tahlil qilinib, ularning faoliyatiga xolisona baho bergan holda, aybdor shaxslarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda, jinoyatlar soni oshgan mahallalarga mavjud kuch va vositalar to‘g‘ri taqsimlanmoqda, sodir etiladigan jinoyat

va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda.

Aziz tumanimiz aholisi, tuman hududida sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olishda olib borilayotgan profilaktik ishlarga bee’tibor bo‘lmang, ushbu tadbirlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yaqindan yordamingizni ayamang, qonunlarga rioya qiling.

O‘z uyimiz, o‘z mahallamizni o‘zimiz asraylik!

Aziz yurtdoshlar.

Teglar
- -