PAXTADAN YANADA YUQORI HOSIL OLISH MUMKIN

Buning uchun Kengash aʼzolarining tavsiyalariga amal qilish lozim

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik Kengashi raisi Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov va bir guruh olim, shuningdek,  salohiyatli mutaxassislardan iborat Kengash aʼzolari tumanimizga tashrif buyurdilar. 

Dastlab, tuman hokimi va tegishli masʼullar hamrohligida “Narpay mashʼali” MMTP hududidagi biolaboratoriya faoliyati o‘rganildi.

So‘ng “Nafisgul Orzu NRO” urug‘chilik fermer xo‘jaligining g‘o‘za maydonlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar bilan atroflicha tanishildi.

Kunning ikkinchi yarmida “Maroqand sifat” masʼuliyati cheklangan jamiyatida Kengash aʼzolari hamda klaster ilmiy markaz xodimlari, shu kabi fermerlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda asosan, paxtadan yaqori hosildorlikka erishish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida so‘z bordi. Ekin maydonlarining holatiga moslab urug‘ tanlash, zararli hasharotlarga qarshi kurashish, tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish va boshqa agrotexnik tadbirlar xususida mutaxassislarning tavsiyalari eshitildi.

Paxtachilik Kengashi raisi va aʼzolarining navbatdagi safari  Samandar Rahmon, “Latif-Dilshodbek dalalari”, “Narpay Ravshanbek dalasi” hamda Zafarjon Husanov nomli fermer xo‘jaliklari dalalari tomon bo‘ldi. Fermer xo‘jaliklarida g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarning amalga oshirilishi, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari ko‘zdan kechirildi.

Bugungi tashrif va o‘rganishlardan maqsad – tumanimiz dalalarida parvarishlanayotgan g‘o‘za maydonlaridan olinadigan hosildorlikni yana-da oshirishdan iborat. Bu borada qishloq xo‘jaligi sohasi masʼullari, klaster vakillari va fermerlarga tegishli tavsiyalar berildi, albatta.

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM