INTELLEKTUAL MULK HIMOYASI DAVR TALABI
INTELLEKTUAL MULK HIMOYASI DAVR TALABI
Bu boradagi taʼsirchan huquqiy va tashkiliy ishlar bunyodkorlik salohiyati oshishiga zamin yaratadi.
Bugun insoniyat tabiiy resurslar cheklangan sharoitda hayot kechirmoqda. Shunday vaziyatda barqaror rivojlanish va farovonlikka erishish uchun koʻplab omillar qatori intellektual mulkni rivojlantirish ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda.
Zero, intellektual mulk oʻz egasiga yillar davomida daromad keltiradi, qiymati esa moddiy obyektlardan farqli oʻlaroq kamaymaydi. Shu bois, bu sohani rivojlantirish, muallif va boshqa huquq egalarining qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Qonunda shu kabi dolzarb vazifalar yechimiga oid muhim chora-tadbirlar oʻz aksini topdi. Xususan, intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga koʻra huquqbuzar tomonidan tovon toʻlash tartib-taomili joriy etilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.
Mamlakatimizda ham ushbu yoʻnalishda muhim chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Intellektual mulkni muhofaza qilish boʻyicha qonunchilik asoslari yaratilib, amaliy ishlar yil sayin takomillashyapti. Intellektual mulk himoyasini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston qator xalqaro konvensiyalarga qoʻshilgan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanishi, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi mustahkamlangan.
Ushbu yoʻnalishda qonunchiligimizda belgilangan tamoyillarni roʻyobga chiqarish maqsadida davlat vakolatli organlari tashkil etilib, tegishli tartibda ish yuritilyapti. 2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Unda jamiyatda intellektual mulkka hurmat hissini shakllantirish va aholining huquqiy madaniyatini oshirish asosiy yoʻnalishlardan biri sifatida koʻrsatildi.
Hozir mamlakatimiz Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlida muhim qadamlar qoʻymoqda. Bunga erishish uchun savdo va xizmatlar sohasidagi ishlarni xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish barobarida ijodiy va intellektual mulk huquqini himoya qilish boʻyicha ishlar qamrovini yanada kengaytirish lozim.
Prezidentimiz joriy yil 10-sentabrda imzolagan “Intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bu borada muhim qadam boʻldi.
— “Keyingi yillarda yurtimizda iqtisodiyot tarmoqlariga intellektual faoliyat natijalarini joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyati va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining raqobatbardoshliligini oshirish boʻyicha keng qamrovli ishlar qilinyapti,” — deydi Oliy Majlis Senati aʼzosi Odiljon Iminov. — Bu borada koʻzlangan natijalarga erishish uchun intellektual mulkni ishonchli huquqiy himoya qilish ustuvor vazifadir. Hozir bu masalalarga davlat darajasida eʼtibor qaratilib, sohaning huquqiy va tashkiliy jihatlari takomillashtirilyapti. Jumladan, sanoat mulki obyektlarini roʻyxatga olish muddatini sezilarli darajada qisqartiruvchi tezkor ekspertiza oʻtkazish imkoniyati taʼminlandi. Tovar belgilarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma beruvchilar tomonidan tadbirkorlik subyekti maqomiga ega boʻlishi boʻyicha qonunchilikdagi cheklovlar bekor qilindi. Intellektual mulk obyektlarini roʻyxatga olishning barcha bosqichini oʻz ichiga olgan, takomillashtirilgan intellektual mulk boʻyicha elektron davlat xizmatlari portali ishga tushirildi. Eksport qiluvchilar uchun 2025-yilgacha xorijda geografik koʻrsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlarini roʻyxatdan oʻtkazish xarajatini davlat tomonidan qoplash tartibi joriy etildi. Albatta, bu ishlar oʻz samarasini beryapti. Shu bilan birga, sohada yechimini kutayotgan muammolar ham yoʻq emas. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual faoliyati natijasida yaratilgan mulkning daxlsizligini taʼminlash, jamiyatda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda fuqarolarning oʻz huquqlarini himoya qilishdan manfaatdorligini taʼminlovchi huquqiy mexanizmlarni qonunchilikda mustahkamlash lozim. Bundan tashqari, intellektual mulkning taʼsirchan huquqiy mexanizmlar bilan himoya qilinishini taʼminlash ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish uchun qonunchilikni takomillashtirish siyosatini izchil davom ettirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Qonunda shu kabi dolzarb vazifalar yechimiga oid muhim chora-tadbirlar oʻz aksini topdi. Xususan, intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga koʻra huquqbuzar tomonidan tovon toʻlash tartib-taomili joriy etilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi. Jumladan, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, patent egasi oʻzining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsdan zarar qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobaridan 1000 barobarigacha miqdorda tovon toʻlashni talab qilishi mumkin.
Bunda tovon zarar yetkazilishi faktidan qatʼi nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va patent egasining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda toʻlanadi. Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi
Mazkur qonun bilan, shuningdek, “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi qonunga ham oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Unga koʻra, tovar belgisidan uning egasining mutlaq huquqini buzgan holda, yaʼni uning ruxsatisiz foydalanayotgan shaxslar tovar belgisi egasining talabiga koʻra yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashi shartligi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi qonunga firma nomiga boʻlgan huquqni himoya qilish usullariga zarar oʻrnini qoplash va zararlarning qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobaridan 1000 barobarigacha miqdorda tovon toʻlash tartibi joriy etilmoqda. Shu bilan birga, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzga shaxslarga tegishli intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi bilan bogʻliq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Qonunchiligimizga kiritilayotgan ushbu yangiliklar jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual mulkka boʻlgan huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, intellektual mulk himoyasini kuchaytirish va raqamli muhitda ijodiy faoliyatga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilishning taʼsirchan mexanizmlari tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Tuman adliya bo‘limi YXKM boshlig‘i M.Mardiyev