XITOYDA NARPAYLIKLAR UCHUN UCHRASHUV
Ma'lumki, hozirda tuman hokimligi va tadbirkorlardan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turibdi. Delegatsiya a'zolari hozirgacha, bir nechta yirik loyihalar uchun jami qiymati 10 million dollarga yaqin manfaatli memorandumlar imzolab ulgurdi.
Bugun esa, Xenan provinsiyasining Zinjang shahrida aynan Narpay tumani delegatsiyasi uchun uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda Xitoy davlatining 40 dan ortiq yirik tadbirkorlari ishtirok etdi.
Unda tuman hokimligi mas'ullari tomonidan tumanimizda tadbirkorlik uchun yaratilgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar, qulayliklar, transport qatnovi boʻyicha ma'lumotlar berildi.
Bu esa, koʻpgina investorlarda qiziqish uygʻotdi va tumanimizda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagini bildirishdi. Hozirda, yana bir qator yirik loyihalar uchun memorandumlar imzolanish arafasida.
Albatta bu, Xitoy davlatining tumanimiz bilan bogʻlangan hamkorlik va do'stona aloqalarini kelgusida yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.