83 YOSHLI MUKAR AYA KIRANOVA TUG‘ILGANLIK GUVOHNOMASIGA EGA BO‘LDI

Tumanimizning “Haqiqat” mahallasida yashovchi 83 yoshli Mukar aya Kiranova uzoq yillar davomida “Qachon mening pasportim bo‘ladi, qachon pensiyam bilan bog‘liq muammolarim yechimini topadi?”, deb yashagan bo‘lsa ajabmas. Chunki aya shu paytga qadar biror joyda fuqaro sifatida rasman qayd qilinmagan. Yaʼni, ayaning na tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va na shaxsini tasdiqlovchi pasporti bor.

Shu sabab ko‘pni ko‘rgan, tabarruk yoshli aya pensiya taʼminotida ham ayrim muammolarga duch kelgan. Afsuski, sog‘lig‘idagi o‘zgarishlar bu muammolarni vaqtida hal etishga imkon bermagan. Yaqinlarining murojaatidan so‘ng, ushbu masala hamkor tashkilotlar ko‘magida tuman FHDYO bo‘limi tomonidan batafsil o‘rganib chiqildi.

Dastlab, mahalla fuqarolar yig‘ini masʼullari bilan surishtiruv ishlari olib borildi. Bunda yaqin qarindoshlari, tegishli tashkilotlar yordamida zarur maʼlumotlar to‘plandi. Shunga asosan, ayaning tug‘ilganlik holatiga doir dalillarga aniqlik kiritilib, tuman FHDYO bo‘limi tomonidan Mukar ayaning tug‘ilganligi qayta tiklandi va guvohnoma rasmiylashtirildi. Tug‘ilganlik guvohnomasi tuman FHDYO bo‘limi va masʼullar ishtirokida ayaning xonadoniga tashrif burgan holda, sayyor tartibda topshirildi.

— FHDYO bo‘limiga bir kunda yuzlab fuqarolar murojaat qiladi, — deydi tuman FHDYO bo‘limi mudirasi Laylo Safarova. — Albatta, ular orasida turli taqdir egalari, turli muammosi bor insonlarni uchratasiz. Biz ularga huquqiy yordam ko‘rsatib, murojaatlarini qondirishga harakat qilyapmiz. Sayyor tartibda joylarga chiqqan holda aholi muammolarini o‘rganyapmiz. Ayaning muammosi ham ana shunday o‘rganishlar chog‘ida aniqlangan edi. Qisqa fursatda bu masalaga yechim topdik.

Bugun Mukar aya yaqinlari, jigarlari ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda. Endilikda ayaning yaqinlari tug‘ilganlik guvohnomasi asosida ularga shaxsini tasdiqlovchi pasport olib berish taraddudida. Shu asnoda qahramonimizning pensiya bilan bog‘liq muammolari ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri barham topadi.

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM