TAQDIRIN QO‘L BILAN YARATGAN ODAM

Inson qaysi fazilati bilan hurmat-eʼtibor topadi!? Albatta, ilmi, kasb-kori, feʼl-atvori va mehnati bilan. Mana shu fazilatlarga ega kishi hayotdagi eng baxtiyor insondir. Baxt ularni o‘zi izlab keladi. Zero, har birimiz hayotga bir marta kelamiz. Baxtli yashagimiz keladi. Chunki bunga barchamizning to‘la haqqimiz bor. Mazmunli, ibratli hayot kechirish esa o‘z qo‘limizda. Chunki odam o‘z taqdirini o‘zi yaratadi. Shoir aytganidek: “G‘oyibdan kelajak baxt, bu - afsona”. Qaysiki, inson biror sohaga chin ko‘ngildan mehr qo‘ysa, albatta, uning haqiqiy ustasi bo‘lib yetishadi. O‘zi istagan kasbni tanlasa, hayotda ko‘p narsaga erishadi. Ishlayotgan joyiga va yurtiga naf keltiradi.

Bu tashbehlar mavzumga qahramon sifatida kashf etgan Shuhrat aka Sadinovga nisbatan aytilgandek go‘yo. Chunki bu insonning ilmi, tajribasi, fikr doirasi, muomalasi, mehnatkashligi aynan shunga mos keladi. Ushbu maqolani yozish barobarida atrofdagilardan ham u kishi haqida ko‘p yaxshi, iliq gaplar eshitdim...

Navoiy kon-metallurgiya kombinati tashkil topganligining 65 yilligi munosabati bilan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan bu hamkasbimiz quyidagi dil so‘zlarini izhor etdi:

-Bolaligim Narpay tumanida o‘tgan. Otam oriyatli, hamisha dasturxoni ochiq, elning yaxshi-yomon kunlarida doim boshida turgan inson bo‘lgan. Hozir ham hamyurtlarim ko‘p eslaydi. Oilada besh o‘g‘il bo‘lganimiz bois, otam rahmatli bizning tarbiyamizga juda qattiqqo‘l edi. Hayotda aslo urushmasdi, 

ammo biron xato qilsak, o‘tkir nigohlari bilan qarashi biz uchun eng katta jazo bo‘lgan. Umri davomida bizni faqat halollik, to‘g‘riso‘zlikka o‘rgatdi.

Onamni Qo‘ysin momo, derdi. Ziyoli, oqko‘ngil, farishtali ayol edi. O‘qituvchi bo‘lgani bois, butun umrini bizning, qishlog‘imiz bolalarining ilmli bo‘lishga bag‘ishladi. Jonkuyar, fidoiy pedagog sifatida  hurmat-eʼtibor qozongani shundan. Bilasizmi, so‘zim avvalida ota-onamni (joylari jannatda bo‘lsin, ilohim!) eslaganim, bugun biz, farzandlar nimaga erishgan bo‘lsak, barchasida ularning beqiyos xizmati bor.

O‘rta maktabni tugatgach maʼlum muddat jamoa xo‘jaligida ishladim. Harbiy xizmatda bo‘ldim. Marksheyder bo‘lishiga qaror qilib, Toshkent politexnika institutiga hujjat topshirdim. Mening bu orzum ko‘pchilikka erish tuyuldi. Orqa-sirtdan o‘qishga kirolmaydi, eplomaydi deganlar ham bo‘ldi. Chunki, bu kasbni egallash matematika, fizika, texnika, astronomiya, geodeziya, geologiya, konchilik ishi va boshqa fanlar bilan chambarchas bog‘liq. Buning uchun bo‘lajak marksheydirda shunga yarasha bilim, qiziqish bo‘lishi kerak. Menda bu bolaligimdan bor edi. Bu fanlardan aʼlo o‘qiganman, adabiyotlar orqali tanishganman. Natijada qattiq kirishib barchasini uddaladim. O‘qishga kirdim, tamomladim.

Bilasizmi, marksheyderlik kasbi juda noyob, ko‘pchilikka tanish bo‘lmagan, qiziqarli soha hisoblanadi. Bu konchilik fani va texnikasining bir tarmog‘i hisoblanadi. Marksheyder foydali qazilmani qazib olishning har bir bosqichida (qidiruv, loyihalashtirish, shaxtalarni qurish, qazib olish, kon korxonalarini tugatish va b.) qatnashadi. Bunda, mutaxassisdan kuchli bilim, tajriba talab etadi. Chunki, yer qaʼridagi foydali qazilma uyumining shakli va o‘lchami, qazilmada foydali va zararli komponentlar joylashuvi, o‘zida saqlovchi jinslar xususiyati, lahimlarning fazoviy joylashishi, kon bosimi va yer yuzasi jinslarining deformatsiyasiga to‘g‘ri tashxis qo‘yish, grafik loyihalarni chizish, chizmalarni chuqur tahlil qilish, konlar ko‘rinishini fazoviy geometrik o‘lchash usullari bilan xaritaga tushirish va boshqa shunga o‘xshash o‘nlab yo‘nalishlar uning asosiy vazifasidir. 

Inson hayotida hech yoddan chiqarib bo‘lmaydigan voqealar ko‘p bo‘ladi. O‘tgan faoliyatim davomida ko‘p korxona va tashkilotlarda marksheyder bo‘lib ishladim. Ko‘plab do‘stlar orttirdim, avvaliga o‘zim ustozlardan ish o‘rgandim, tajriba orttirdim. Keyinchalik esa tajribamni shogirdlarim, yosh mutaxassislar bilan o‘rtoqlashdim.

2006 yildan boshlab esa Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlab kelayapman. Bu yerga kelib ham kam bo‘lmadim. Mehnatim ortidan hurmat-eʼtibor topdim. Kamtarona mehnatlarim ortidan doim rag‘bat oldim. Korxonadagi ko‘p yillik mehnatim 2016 yilda “O‘zbekiston  mustaqilligiga - 25 yil”, 2017 yilda “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga - 25 yil” esdalik nishonlari,  II, III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoniga munosib topildi.

Yaqinda Prezidentimiz farmoni bilan “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlanganim hayotimdagi eng unutilmas voqea bo‘ldi. Kombinat yubileyi munosabati bilan berilgan ushbu yuksak davlat mukofoti nafaqat mening, balki hamkasblarim, oilam aʼzolari, mahalladoshlarim ham 

katta quvonch bag‘ishladi. Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida mukofotni qabul qilib olar ekanman, uning taftidan qalbim g‘ururga to‘ldi. Mashaqqatli mehnat, albatta, o‘z samarasini berishiga yana bir bor amin bo‘ldim. Yurtboshimiz nazariga tushish men uchun katta baxt, albatta. Bu mukofot menga kuch, g‘ayrat berdi. Endilikda men yana-da shijoat bilan mehnat qilib, bu yuksak ishonchni oqlayman.

Kasbimni yaxshi ko‘raman. 36 yillik mehnat faoliyatim davrida ko‘plab ustozlar ilmini oldim va o‘z navbatida shogirdlar yetishtirdim. Har bir kasbning yengil tomoni bo‘lganidek, og‘ir tomonlari ham bo‘ladi. Shu bois har bir kishi har qanday holatga tayyor turishi kerak. Baʼzida shogirdlarimga sabr, matonat, chidam va o‘z ustida ishlash barcha to‘siqlarni yengib o‘tishda muhim omil bo‘lishi ko‘p takrorlayman.

Aslida insonning kasbi-kori ortidan baraka topishi uning samarali mehnati bilan birga atrofidagi hamkasblari, do‘stlariga ham bog‘liq ekan. O‘z jamoamda ilg‘or va malakali mutaxassislar, kamtar va samimiy insonlar judayam ko‘p. Har tong ishga otlanar ekanman meni sevgan kasbim, jamoam borligini yurakdan his etaman.

Har bir daqiqadan unumli foydalanishga, oldimga qo‘yilgan katta-katta maqsadlarimni ado etishga intilaman. Bu intilish menga doimo muvaffaqiyat eshiklarini ochaveradi. Ishdan so‘ng esa oilam davrasiga oshiqaman. Shu kasbim ortidan uch nafar farzandlarimni o‘qitdim, uyli-joyli qildim. Axir insonga boshqa nima kerak? Bir inson orzu qiladigan baxtning barchasiga egaman: sermazmun hayot, namunali oilam, sevgan kasbim, sevimli jamoam. Bularning barchasiga shukronalar aytaman.  Bu shukronalik meni yangi manzillar, yuksak pillapoyalar sari undaydi...

 

Suhbatdosh: Dildora KARIMOVA,

“NKMK” AJ Matbuot xizmati muxbiri.

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM