Vatan mustaqilligi, millat taqdiri uchun kurash — abadiy kurash

Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan alohida qayd etilganidek, Oʻzbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni oʻz hayotining maʼnosi deb bilmogʻi kerak! Biz bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!

It hurar, karvon oʻtar

Bu fikrlar bejiz aytilgani yoʻq. Bugun biz dunyoda imperiyaparastlik va shovinizm bosh koʻtarayotgan, tajovuz va tahdid tobora ortayotgan, tarixni buzib talqin qilish kuchayayotgan, kamsitish, bosqinchilik, vayronkorlik va bir-biriga qarama-qarshi qoʻyish, adovat qoʻzgʻash, urushlarni moliyalashtirish, ichki ishlarga aralashish ochiq-oydinlik kasb etayotgan ziddiyatli va murakkab bir davrda yashayapmiz.

Mustaqil davlatlarga tahdidlar turli koʻrinishlarda namoyon boʻlyapti. Baʼzan unga beparvo qaraymiz, baʼzida kampaniyabozlik qilib, kimoʻzarga javob qaytaramiz. Lekin biz millat sifatida anglab yetishimiz zarur boʻlgan bir haqiqat bor. Mustaqillik uchun kurash qachonki, unga nisbatan tahdidlar yuz bergandagina koʻzga tashlanmasligi kerak. Bu ojiz qarash bilan mutlaqo murosa qilib boʻlmaydi. Zero, mustaqillik uchun jang mamlakat va millat bor ekan, hech qachon toʻxtamaydi.

Unutmaslik kerakki, bu jang toʻxtagan kuni dushmanlar bosh koʻtaradi. Ular hali-hamon mustamlakachilik, hukmronlik daʼvosidan voz kechgani yoʻq, payt poylab turibdi. Qachonki, biz ahillikni, birlikni, hamjihatlikni yoʻqotsak, ichimizdan xoinlar chiqsa, Vatan ozodligini koʻz qorachigʻimizdek asramasak, bunday vaziyat dushmanlarimizga qoʻl keladi.

Baʼzan qaysidir kovaklardan, oʻzimizning ichimizdan chiqqan sotqinlarning jirkanch ovozi chiqib qoladi. Ular tutqunlik, qullik davrlarini zoʻr berib qoʻmsaydi. Ular safsatasi “gugurt bir tiyin edi”dan boshlanadi. Ushbu chirkin qarashlarga chidab turish ogʻir. Oʻsha zamonlarda “Qadring qancha edi?” deging keladi.

Turmush qiyinligidan, nochorligidan ayollar oʻziga oʻt qoʻygan, “paxta ishi”, “oʻzbeklar ishi” girdobida otalar qamalgan, goʻdaklar oʻlimi ortgan, bemaqsad urush tufayli yigitlar jasadi temir tobutlarda qaytgan, bolalar paxta quliga aylantirilgan davrlarni nahotki unutgan boʻlsak? Nahotki, shunday mashʼum kunlarni qoʻmsayotganlar oramizda boʻlsa. Bu dahshat-ku...

Mustabid tuzumni qoʻmsaydiganlarni, buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatov taʼbiri bilan aytganda, manqurt degim keladi. Nahotki, qandaydir moddiy narsalarga Vatan mustaqilligini qiyoslash mumkin boʻlsa? Nahotki, uning qalbida milliy gʻurur boʻlmasa? Or boʻlmasa? Nomus boʻlmasa? Oʻsha kimlardir qoʻmsayotgan mustabid tuzum bizni millat sifatida ojiz qilib qoʻymadimi? Tafakkurimizga qoʻshib mutafakkirlarimizni oʻldirmadimi? Osmadimi? Otmadimi? Surgun qilmadimi? Agar mustaqillik boʻlmaganida edi, biz allaqachon oʻzligimizni yoʻqotgan, qadriyatlarimizdan ayrilgan, tilsiz, erksiz, bir nochor xalqqa aylangan boʻlar edik.

Bugun mamlakat mustaqilligi haqida gapirayotgan ayrimlar uni oddiy hodisa sifatida taʼriflaydi. Yoʻq, aslo unday emas. Mustaqillik mamlakat va millatning qaddini tikladi. Mustaqillik millatning ongidan qullikka koʻnish sindromini siqib chiqardi.

Mustaqillikning bebaho imkoniyatlarini, buyuk evrilishlarini, ulugʻ istiqbollarini anglash uchun mustabid tuzumning kirdikorlaridan xabardor boʻlish kerak. Oʻsha ayanchli tarixni chuqur oʻrganish kerak. Bobolarimiz qanchalik xoʻrlanganini, toptalganini, qatagʻon qilinganini, millatning aqli, bilimi, oʻtmishi ayovsiz yoʻq qilinganini taftish etadigan payt allaqachon kelgan.

Hech qachon mustabidlik qaytib kelmasin. Xalqimiz ozod yashasin!

Ozodlik uchun kurashga jonini tikadigan avlodlar paydo boʻlsin!

Vatanparvar, millatparvar yoshlar maydonga chiqsin!

Yaxshi bilingki, Vatan uchun, mustaqillik uchun kurash, bu —abadiy kurash. Bu kurashdan, hech kim oʻzini chetga olishga haqqi yoʻq. Bu kurash umummillat kurashidir. Bu kurashda chekinib boʻlmaydi.

Bugun Oʻzbekiston jadal taraqqiy etayotganligi baʼzilarga yoqmasligi aniq. Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo birligi yoʻlida ulkan ishlarni qilayotganligi kimlarningdir tinchini oʻgʻirlaydi. Yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi oʻrni tobora yuksalayotganligi dushmanlarimizni bezovta qiladi.

Chunki ular bir paytlar mustaqillikning dastlabki yillarida “Bizsiz yasholmaydi”, “Oʻzlari yalinib keladi”, “Chegarasini himoya qilolmaydi”, “Ertaga falon davlat ularni bosib oladi” deya fol ochishgan edi. Lekin bu fol toʻgʻri chiqmadi. Biz mustaqillikni boshimiz uzra baland koʻtarib, mashaqqatli yoʻllarni mardonavor bosib oʻtdik.

Davlatimiz rahbari haqli ravishda qayd etganidek, bugun oldimizda turgan vazifalar qanchalik ulkan va murakkab boʻlmasin, ularni birgalikda hal etishga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham yetadi. Biz endi kechagi odamlar emasmiz. Xalqimiz ham kechagi xalq emas.

Bugun Oʻzbekiston dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlarining toʻlaqonli aʼzosi. Dunyo tinchligida muhim oʻrin tutadigan mamlakat. Oʻz soʻziga, oʻz qarashlariga ega boʻlgan qudratli davlat. Oʻzbekiston uchun qaramlik allaqachon tarixga aylangan.

Xomtama boʻlmang, millatimizni kamsitishingizga indamay qarab turmaymiz. Bugun bunday kimsalarga javob berishga, kimligimizni koʻrsatib qoʻyishga kuchimiz ham, bilimimiz ham yetadi!

Aynigan kallangizdan chirkin xayollarni quving. Oʻzbekistondan, oʻzbek xalqidan, balki nimalarnidir olishingiz mumkin. Lekin mustaqillikni emas!

Bu soʻzlarni qulogʻingizga qoʻrgʻoshindek quyib oling.

Rustam XOLMURODOV,

Samarqand davlat universiteti rektori,

Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,

Oliy Majlis Senati aʼzosi.

 

Manba: https://xs.uz/uzkr/post/vatan-mustaqilligi-millat-taqdiri-uchun-kurash-a...

 

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM