Farzand – Sizniki, uning huquqlari esa o‘ziniki: bolani maktabga yubormaslikning qanday huquqiy oqibatlari bor?

Qonunchilikda bolaning taʼlim olish huquqi va bu huquqni amalda ro‘yobga chiqarish borasida davlatning, shu jumladan ota-onalarning majburiyatlari belgilangan. Farzandini maktabga yubormaganlarga qanday javobgarlik bor? Dars qoldirgan bolalarning muammosini o‘rganishga kim masʼul? Hudud24.uz quyida taʼlim olish huquqi va unga to‘sqinlik qilishning huquqiy oqibatlari haqida maʼlumot beradi.

1. Har bir bola bilim olish huquqiga ega

Konstitutsiyaning 50-moddasiga ko‘ra, har kim taʼlim olish huquqiga ega.

77-moddada esa ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar, deb belgilangan.

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra davlat bolaning bepul majburiy umumiy o‘rta taʼlim va o‘rta maxsus taʼlim olishini kafolatlaydi.

Demak, bolaning bepul taʼlim olishini davlat kafolatlab, taʼminlab bermoqda. Ota-onalar esa bolaning o‘z vaqtida taʼlim olishi uchun sharoit yaratib berishi lozim.

2. Bolaning taʼlim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday mehnat – majburiy mehnat deb baholanadi

Konstitutsiyaning 44-moddasiga ko‘ra, bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning taʼlim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlangan.

Demak, hech bir shaxs bolaning maktabga borishiga to‘sqinlik qilib, uni ishlatishi mumkin emas. Yaʼni bolani o‘qish vaqtida turli hasharlarga yoki boshqa ishlarga jalb qilish Konstitutsiya bilan taqiqlangan.

3. Dars qoldirgan bolalarning muammosini o‘rganishga kim masʼul?

Dars qoldirgan bolalarning muammosini o‘rganish va uni bartaraf qilish uchun – maktab, hokimlik, maktabgacha va maktab taʼlimi organlari hamda Milliy gvardiya masʼul.

Yuqoridagi organlar bolalarni darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borishi va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi kerak.

Bu qanday bo‘ladi?

Darsga kelmayotgan bola bilan individual ish olib boriladi, ota-onasi maktabga chaqirtiriladi, zarurat bo‘lganida bolaning uyiga boriladi, xullas, bolaning dars qantashishini taʼminlash chorasi ko‘riladi.

Bola darsga ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs sababli kelmayotgan bo‘lsa, ularga nisbatan maʼmuriy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi.

4. Bolaning maktabga borishiga to‘sqinlik qilish uchun – JAVOBGARLIK bor

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasida bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik uchun javobgarlik belgilangan.

Unga ko‘ra quyidagilar javobgarlikka sabab bo‘ladi:

ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi – BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha jarima;

yuqoridagi huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa – BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima;

bolalarning majburiy umumiy o‘rta taʼlim, o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish — BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima;

taʼlim olishga to‘sqinlik qilish maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yilda takror sodir etilsa – BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima solishga yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Dilmurod Rajaboyev,

Hudud24.uz kolumnisti

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM