SIFATLI MAHSULOT - SOG‘LOM HAYOT!

Tumanimizda tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Ishbilarmonlar uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani tufayli tadbirkorlik subyektlari soni kun sayin ortib borayotir.

Ammo tadbirkorlar eng avval sotayotgan mahsulotining sifati, saqlash talablari, isteʼmolga yaroqliligi, narxining hamyonbopligiga jiddiy eʼtibor qaratishi lozim.

Narpay tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan tumanimiz bo‘ylab savdo do‘konlari, dorixonalar va barcha turdagi tadbirkorlik subyektlarida savdoga chiqarilgan mahsulotlarning aholi isteʼmoli uchun xavfsizligi bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda.

O‘rganishlar natijasida, "Oqtosh farm shifo nur", "Pul farm" va "Narpay Nargiza farm" kabi bir qator xususiy korxonalarga tegishli dorixonalarda o‘rganish ishlari olib borilganda muddati o‘tgan dori-darmon mahsulotlari borligi aniqlangan.

Shuningdek, Barkamol, Narpay va Islom Shoir nomli yana bir qancha mahallalar hududida faoliyat olib boruvchi oziq-ovqat do‘konlaridan ham isteʼmolga yaroqsiz, muddati o‘tgan mahsulotlar mavjudligi hamda mahsulotlarni saqlash holatlariga ham mutlaqo amal qilinmayotgan holatlari aniqlandi.

Bu kabi o‘rganishlar tumanimiz bo‘ylab muntazam ravishda olib borilmoqda. Bunday xunuk holatlarning barchasi tegishli masʼullar tomonidan joyida bartaraf etilyapti.

Shu o‘rinda barcha fuqarolardan xarid qilayotgan mahsulotining sifati, ishlab chiqarilgan sanasi hamda saqlanish holatiga jiddiy eʼtibor qaratishlarini so‘rab qolamiz. Zero, kichik eʼtiborsizlik katta muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Sifatsiz mahsulotni xarid qilib o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligini xavfga qo‘ymang!

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM